Partiya haqida

Partiya tarixi
2008 yil 20 iyunь kuni O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi va «Fidokorlar» milliy demokratik partiyasining birlashuv qurultoyi bo'lib o'tdi va ushbu ikki partiya negizida yangi O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi (O'zMTDP) tashkil etildi.

Qurultoyda yangi partiyaning Markaziy kengashi va Nazorat-taftish komissiyasi tarkiblari saylandi.

2008 yil 21 iyunь kuni O'zMTDP Markaziy kengashining II Plenumi bo'lib o'tdi. Plenumda Markaziy kengash Ijroiya qo'mitasi a'zolari 21 nafardan iborat tarkibda saylanib, ular orasidan Markaziy kengash Ijroiya qo'mitasi raisi va uning Mafkuraviy ishlar, Tashkiliy va kadrlar ishlari, Xotin-qizlar masalalari hamda Yoshlar bilan ishlash bo'yicha o'rinbosarlari saylandi.

2008 yil 4-16 iyulь kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ikki partiyaning birlashuv Konferentsiyalari o'tkazilib, ular negizida yangi partiyani tuzish bo'yicha tashkiliy guruh shakllantirildi.

2008 yil 11 avgust kuni O'zMTDP O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro'yxatdan o'tdi.

2008 yil 13 avgust kuni O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi va O'zbekiston «Fidokorlar» milliy demokratik partiyasi fraktsiyalarining qo'shma ta'sis yig'ilishi bo'lib o'tdi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zMTDPning yangi fraktsiyasi tuzildi.

2008 yil 9 sentyabrdan boshlab joylarda hududiy partiya tashkilotlarining ta'sis Konferentsiyalari va Plenumlari o'tkazildi. Jumladan, barcha hududlarda O'zMTDP hududiy partiya tashkilotlarining ta'sis Konferentsiya va Plenumlari o'tkazildi.

Ularda Kengash, Nazorat-taftish komissiyasi, Kengash Ijroiya qo'mitasi tarkibi tasdiqlandi hamda Ijroiya qo'mitasi raisi va uning o'rinbosarlari saylandi. Shuningdek, joylarda tuman (shahar) partiya tashkilotlarining ta'sis Konferentsiya va Plenumlari o'tkazilib, Kengash, Kengash Ijroiya qo'mitasi tarkibi tasdiqlandi hamda Ijroiya qo'mitasi raislari saylandi.




Bugungi partiya
2008 yil 20 iyunda O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O'zbekiston “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasining birlashuv Qurultoyi qaroriga asosan, ikki partiya negizida yangi O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashkil topgan.

2008 yil 11 avgustda O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan qayta ro'yxatdan o'tgan (194-P-sonli guvohnoma).


O'ZBEKISTON “MILLIY TIKLANISh” DEMOKRATIK PARTIYaSINING

ASOSIY MAQSADLARI:


– O'zbekiston Respublikasi fuqarolarida milliy o'zlikni anglashning o'sishi, milliy g'urur, Vatanga sadoqat va muhabbat tuyg'usini shakllantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish;
– o'z safida yurtning vatanparvarlarini birlashtirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini O'zbekiston manfaatlari hamda uning xalqaro obro'-e'tiborini oshirish yo'lida safarbar etish;
– yoshlarni o'z Vatanini hurmat qilish, sevish va u bilan faxrlanish, har qanday sharoitda milliy mustaqillikni, xalqning qadriyatlari, an'analari va urf-odatlarini asrash va himoya qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek, uning ma'naviy ehtiyojlari va qiziqishlarini cheklashga bo'lgan urinishlarga qarshi kurashishga ta'sirchan hissa qo'shish.


PARTIYa O'Z MAQSADLARIGA ERIShISh UChUN:

– aholi o'rtasida targ'ibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi, partiyaning maqsad va vazifalarini aholiga yetkazishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish choralarini ko'radi;
– yoshlar bilan muntazam ish olib boradi, ularni partiyaning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirishda ishtirok etishga jalb qiladi;
– jamoatchilik e'tiborini muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga qaratadi hamda bu muammolarni partiyaviy vositalar orqali hal etish yo'llari to'g'risida ijobiy ijtimoiy fikrni shakllantiradi;
– fuqarolarning manfaatlari, ehtiyojlarini o'rganadi, tahlil etadi va umumlashtiradi, yangi qonunlar va davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalari yuzasidan takliflar ko'rinishida o'z saylovchilarining manfaatlarini amalga oshirish shakllarini izlab topadi va taklif etadi;
– Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo'lgan saylovlarda partiyadan nomzodlarini ko'rsatish orqali demokratik saylovlarda fuqarolarning to'laqonli ishtirok etishini ta'minlaydi.

Partiya 14 ta hududiy (Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri), 27 ta shahar, «Yoshlik» talabalar shaharchasi kengashi va 174 ta tuman Kengashlariga ega. 

Partiya vakillari orasida fan va ta'lim, madaniyat va sport, san'at va adabiyot hamda boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan obro'li, shuningdek Vatanimiz, xalqimiz shon-shuhratini dunyoga tanitayotgan, xalqimiz mehriga sazovor bo'lgan O'zbekiston Qahramonlari Isaxon Baxromov, Mavluda Ismatova, O'zbekiston xalq rassomi Ortiqali Qozoqov, boks bo'yicha olimpiya o'yinlari va jahon chempioni Muhammadqodir Abdullayev, Abbos Atoyev kabi taniqli shaxslar shuningdek, partiyamiz a'zolari orasida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari sohiblari, fan doktorlari va fan nomzodlari bor. 

O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan barcha vakillik organlarida jami 1 302 nafar deputat mavjud. 
Jumladan:
• O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida – 36
• Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida – 147
• xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida – 1 119


Shu jumladan, 14 nafar O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari bor.

2020 yil 1 yanvarь holatiga partiya a'zolarining soni 275 576 nafarni, BPTlar soni esa  6 510 tani tashkil etmoqda.


Manbaa: Milliy Tiklanish Demokratik Partiyasi

So'rov

Saytimizga baho bering

Boshqa so'rovlar...